Mutaxassis: Galoterapiya orqali allergik kasalliklardan xalos bo'lish mumkin
2024-07-11 12:05:00 / Yangiliklar

Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi binosida ham xuddi shunday amaliyot yo'lga qo'yilgan.
Markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova galoterapiyaning allergik kasalliklarni davolashdagi samaradorligi haqida ma'lumot berdi.
— Galoterapiya allergik xastaliklar muolajasida ijobiy natija berishi tasdiqlangan, — deydi mutaxassis. — Avvalo, tuz aerozollari nafas yo'llarini tozalaydi va shu orqali bronxlardagi balg'amlar ajralishini osonlashtiradi. Natijada nafas olish jarayoni va allergik simptomlar engillashadi.
Qolaversa, tuzning antibakterial, antiseptik va yallig'lanishga qarshi xususiyatlari ham bor. Bu esa nafas yo'llaridagi yallig'lanishni kamaytirib, infektsiyalardan himoya qiladi, immun tizimini mustahkamlaydi.
Tuz g'orlaridagi mikroiqlim sharoiti asab tizimini tinchlantirishi bilan ham ahamiyatli. Zotan, stressni kamaytirish allergik kasalliklarni davolashda yaxshi samara beradi.
Galoterapiya xonalarimiz maxsus tuz purkagichlar bilan jihozlangan. Bu erda bronxial astma, allergik va vazomotor rinit, surunkali bronxit, bronxoektaz kasalligi hamda surunkali faringitdan aziyat chekayotgan bemorlar muolaja oladi.
Masalan, allergiya va bronxial astmaning engil shakllari bilan og'rigan bemorlarda 3-4 seansdan so'ng sezuvchanlikning umumiy darajasi pasayadi, teri qichishi va qizarishi kamayib, burun oqishi yo'qoladi hamda nafas olish normallashadi.
Shu ma'noda, to'g'ri bajarilgan galoterapiya kursi allergiyadan butunlay xalos qilishi ham mumkin. Bu, avvalo, nafas olish tizimi hali rivojlanish bosqichida bo'lgan bolalar, shuningdek, kasallikning engil shakllaridan aziyat chekayotgan bemorlarga tegishli.
Allergiyaning og'ir turlari va doimiy bronxospazm xurujlarida tuz g'orlari kasallikni sezilarli darajada engillashtiradi.
Tuz xonasi, ayniqsa, bolalar organizmi uchun foydali. Shu bois shifokorlar kasallikning og'ir shakllari va mavsumiy turlaridan xalos bo'lish uchun olti oyda kamida bir marta galoterapiya kursini tavsiya qiladi.
Qolaversa, ushbu davolash usuli uzoq davom etadigan muolaja kursi asosida qabul qilinadigan allergiyaga qarshi dori vositalarining dozasini sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Muhimi, nojo'ya ta'sirlari yo'q, jigar, buyrak va boshqa ichki organlarga ziyon etkazmaydi.
Tuz ionlari ekzema, dermatit, qichishish va teri toshmasi muolajasida ham qo'l kelishi isbotlangan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati
