Davlat auditi tizimiga bag'ishlangan o'quv-seminar bo'lib o'tdi
2026-04-30 14:50:00 / Yangiliklar

Unda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi yondashuvlar va amaliyotga joriy etilayotgan mexanizmlar keng muhokama qilindi.
Seminar davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi PF-252-son Farmoni ijrosini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, unda "aniqlash emas, oldini olish" tamoyili asosida nazoratning mutlaqo yangi modeli shakllanayotgani alohidata'kidlandi. Mazkur yondashuv orqali moliyaviy qonunbuzilishlarning oqibatlari emas, balki ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Yig'ilishni viloyat hokimining birinchi o'rinbosari Zuxriddin Baxriddinov olib bordi. Unda O'zbekiston Respublikasi hisob palatasining Namangan viloyatidagi vakili — bosh inspektor M. Obidov, ijtimoiy soha muassasalari va byudjet tashkilotlari mas'ul xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, shahar va tumanlar hokimliklari videokonfenersaloqa tarzida ulanib, tegishli idoralar vakillari ham jarayonda faol qatnashdi.
Tadbir davomida byudjet qonunchiligi buzilish holatlarining oldini olish, moliyaviy xavflarni barvaqt aniqlash, davlat mablag'laridan samarali va maqsadli foydalanish, davlat xaridlari jarayonlarida qonuniylikni ta'minlash hamda korrupsiyaviy omillarni kamaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Mutaxassislar tomonidan sohadagi muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo'yicha aniq yo'nalishlar belgilab olindi.
Shuningdek, yangi joriy etilayotgan "bosh inspektorlar instituti", doimiy monitoring va raqamli nazorat tizimlari orqali har bir byudjet mablag'i ustidan kuchaytirilgan nazorat o'rnatilishi qayd etildi. Bu esa, o'z navbatida, davlat mablag'larining manzilli va samarali sarflanishini ta'minlash, shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.





