SSV: O'zbekiston va Turkiya sog'liqni saqlash vazirlari Samarqandda uchrashdi
2026-04-09 10:50:00 / Yangiliklar

Ta'kidlanganidek, Turkiya — O'zbekiston uchun yaqin do'st, ishonchli hamkor. Prezident Shavkat Mirziyoevning shu yil 29 yanvar kuni Turkiyaga rasmiy tashrifi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga zamin yaratdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Sog'liqni saqlash, ta'lim va harbiy tibbiyot sohalaridagi hamkorlik to'g'risida bitim imzolanishi bu yo'nalishdagi aloqalar rivojiga yangicha sur'at bag'ishladi.
Shuningdek, ushbu tashrif doirasida ikki davlat sog'liqni saqlash vazirlari uchrashib, qator istiqbolli kelishuvlarga erishdi.
Bu galgi muloqotda yurtimizda yangi davolash muassasalarini qurish, tibbiy ta'lim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi yo'nalishlarda amalga oshirilayotgan qo'shma loyihalar haqida so'z bordi.
O'zbekiston tomoni turkiyalik ekspertlar ishtirokida qator ixtisoslashtirilgan markazlar va tibbiyot oliy o'quv yurtlarida o'tkazilgan mahorat darslari samaradorligini yuqori baholadi. 100 nafardan ortiq yurtimiz tibbiyot xodimlarining Turkiyada malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Toshkentda ishga tushirilgan zamonaviy Onkologiya markazida turkiyalik mutaxassislar ishtirokida samarali menejment tizimi joriy etilib, muassasaga qardosh mamlakatdan jalb etilgan boshqaruvchi K. Sedat direktor etib tayinlanganiga alohida urg'u berildi.
Qolaversa, hozir davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasi bazasida ko'p tarmoqli shifoxona tashkil etishga qaratilgan umumiy qiymati 500 mln. dollarlik loyihani amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Shundan so'ng tomonlar buyrak va jigar transplantasiyasi kabi yuqori texnologiyali operasiyalarni birgalikda amalga oshirish, tibbiy kadrlar tayyorlash, qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, shu yil yakuniga qadar uchinchi O'zbekiston–Turkiya tibbiyot forumini o'tkazish yuzasidan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Muloqotda vazir janoblari O'zbekiston bilan sog'liqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori sur'atda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


