SSV: Samarqandda turkiy davlatlar onkologlarining II Kongressi o'tkaziladi
2026-04-07 11:45:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli anjumanda yurtimiz vakillaridan tashqari Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, qirg'iz Respublikasi va boshqa davlatlardan 300 nafardan ortiq etuk olimlar, soha ekspertlari hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda.
Kongressning birinchi kuni zamonaviy jarrohlik texnologiyalari, immun va target terapiya, molekulyar diagnostika hamda minimal invaziv usullarga bag'ishlangan mahorat darslari bilan boshlanadi. Ularda klinik holatlar muhokamasi va jonli namoyishlar orqali qatnashchilarga amaliy bilimlar taqdim etiladi.
Tadbirning ikkinchi kuni rasmiy ochilish marosimi bilan boshlanib, unda turli davlatlar sog'liqni saqlash vazirlari, xalqaro tashkilotlar va etakchi onkologiya markazlari rahbarlari ishtiroki rejalashtirilgan.
Shundan so'ng Kongress doirasida o'pka va ko'krak bezi saratoni, gastrointestinal, ginekologik hamda boshqa onkologik kasalliklar bo'yicha ilmiy sessiyalar o'tkaziladi. Muhokamalarda neoad'yuvant va ad'yuvant terapiya, PD-L1 ingibitorlari, individual davolash strategiyalari hamda klinik qaror qabul qilish algoritmlari keng muhokama etiladi.
Kongressning uchinchi kunidagi muloqotlarda rasional dori-darmonlarni qo'llash, zamonaviy farmakoterapiya strategiyalari va davolash samaradorligini oshirish masalalari ko'rib chiqiladi.
Anjuman yakunida xalqaro ekspertlar ishtirokida kelgusidagi hamkorlik yo'nalishlari belgilab olinishi ko'zda tutilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
