SSV: ko'krak bezi saratoni jarrohligi bo'yicha professional assosiasiya tashkil etiladi
2026-03-19 09:40:00 / Yangiliklar

Mazkur xalqaro dasturga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazining onkomammolog jarrohlari Orifjon Tolipov va muhabbat Aminova, ushbu muassasaning Buxoro filiali neyroxirurgi Doniyor Izzatilloev, Toshkent viloyati filiali mammologi Muqaddas To'xtaboeva hamda akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining torakoabdominal onkoxirurgiya bo'limi mudiri Botir Muhamedov jalb qilingan.
Malaka oshirish kursi O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi, Frantsiyaning Evropa va tashqi ishlar vazirligi hamda mazkur davlatning Milliy xirurgiya akademiyasi o'rtasida imzolangan hamkorlik protokoli asosida tashkil qilingan bo'lib, shu yilning 10 apreliga qadar Parij va Strasburg shaharlarida o'tkaziladi.
Ta'lim dasturi zamonaviy ko'krak bezi onkojarrohligi, saraton kasalliklarini tashxislash va davolash bo'yicha nazariy hamda amaliy modullarni o'z ichiga oladi.
Dasturning amaliy qismida mutaxassislarimiz Frantsiyaning ICANS kabi etakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi, shuningdek, jahonning etakchi tibbiyot tashkilotlari bo'lgan Gustav Russi va Kyuri institutlarida klinik amaliyot o'tashi ko'zda tutilgan.
Yakunda Frantsiya tomoni o'zbekistonlik mutaxassislarga Markaziy Osiyoda ilk bor ko'krak bezi saratoni jarrohligi bo'yicha professional assosiasiyani tashkil etishda ekspertlik ko'magini ko'rsatishi kutilmoqda. Bu mintaqada zamonaviy onkologik yordamni rivojlantirish yo'lidagi muhim qadam bo'ladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.



