Yurtimizda bolalar saratoniga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar va xalqaro hamkorlikka bag'ishlangan matbuot anjumani qizg'in davom etmoqda
2026-02-27 11:45:00 / Yangiliklar
Unda yurtimizda mazkur yo'nalishda olib borilayotgan ishlar haqida so'z boryapti.
Shuningdek, tadbirda xalqaro ekspertlarning yurtimizga tashrifi natijalari haqida atroflicha ma'lumot berilmoqda.
Aytish lozimki, ushbu delegasiya tarkibidan jahonning etakchi ekspertlari, jumladan, "St. Jude Global" xalqaro tashabbusi vakillari va Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosining bolalar onkologiyasi va palliativ yordam sohalaridagi mutaxassislari o'rin olgan.
Tashrif dasturi keng qamrovli va strategik xarakterga ega bo'lib, yurtimizda bolalarga ko'rsatilayotgan xizmatning asosiy jihatlari — klinik amaliyot va dori-darmon ta'minotidan tortib, sohani raqamlashtirish va palliativ yordamni rivojlantirishgacha bo'lgan jarayonlarni o'z ichiga oldi.
Ma'lumot uchun, AQShning Sent-jud bolalar tadqiqot shifoxonasi vise-prezidenti Karlos Rodriges-Galindo boshchiligidagi delegasiya a'zolari yurtimizga tashrifi davomida "Uzbekistan Airports Cargo" logistik majmuasi, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining vaktsinalar omborida onkologik dori vositalarini "sovuqlik zanjiri" asosida saqlash va tashish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, "Taskin" bolalar onkologik xospisi faoliyatini ko'zdan kechirdi.
Mehmonlar yagona integrator — "UZINFOCOM"da saraton bilan kasallangan bemorlarni elektron ro'yxatga olish va marshrutizasiya qilish, dori vositalarining bolalarga xavfsiz va o'z vaqtida etib borishi tizimi haqida ma'lumotga ega bo'ldi.
Xalqaro ekspertlar "Mehrli maktab" ta'lim loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
Jurnalistlar tadbirda o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob olmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
