Kafolatlangan paket doirasida qanday tibbiy xizmatlar bepul ko'rsatiladi?
2026-02-24 14:10:00 / Yangiliklar

Xo'sh, yangi mexanizm qay tartibda ishlaydi va qaysi turdagi tibbiy xizmatlar aholiga bepul ko'rsatiladi?
Bu haqda Sog'liqni saqlash vazirligi tibbiy sug'urtani joriy qilishni muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i Shuhrat Almardanov batafsil ma'lumot berdi:
— Kafolatgan paket doirasida yurtdoshlarimiz, qolaversa, O'zbekiston Respublikasining soliq rezidenti, deb e'tirof etilgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bepul tibbiy xizmatlar bilan ta'minlanadi.
Bu xizmatlardan foydalanish uchun, avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan aholi (voyaga etmaganlar uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) o'rtasida bitim tuziladi.
Bitimda fuqarolarga sog'lom turmush tarziga rioya etish, zararli odatlardan voz kechish, o'z tibbiy savodxonligini oshirish, shifokor ko'rsatmalariga amal qilish, profilaktik va skrining ko'riklardan belgilangan muddatlarda o'tish, oilaviy shifokorga esa aholini belgilangan tartibda qabul qilish va maslahat (yoki yo'llanma) berish, tibbiy xizmatlarni o'z vaqtida, sifatli va to'liq hajmda ko'rsatish, dori vositalarini to'g'ri tayinlash kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam ko'rsatish bundan mustasno).
Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo'llanma beradi hamda bemor mazkur yo'llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko'rikdan o'tkaziladi va (yoki) shifoxonaga yotqiziladi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda ko'rsatiladi.
Kafolatlangan paket barcha fuqarolar uchun bir xil darajada amal qiladi, ammo ijtimoiy toifadagi shaxslar (bolalar, yolg'iz keksalar, nogironligi bo'lgan fuqarolar) kengaytirilgan xizmatlardan ham foydalanishi mumkin.
Sog'liqni saqlash vazirligi har yili 1 avgustga qadar kelgusi yil uchun kafolatlangan paket hajmlarini shakllantiradi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda talab qilinayotgan mablag'lar miqdori kelishiladi hamda zarur mablag'lar kelgusi yil uchun tasdiqlanadigan Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida:
bemorlarni qabul qilish, tibbiy ko'rikdan o'tkazish va maslahat berish;
tibbiy-profilaktika xizmatlarini ko'rsatish;
20 turdagi profilaktik ko'riklar va skrining tekshiruvlari;
29 turdagi diagnostik va 18 turdagi laborator tekshiruvlar;
davolash muolajalari va amaliyotlar;
palliativ tibbiy yordam;
mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilish xizmati bepul ko'rsatiladi.
Shuningdek:
34 turdagi kechiktirib bo'lmaydigan holatlar uchun qo'llaniladigan dori vositalari;
6 turdagi kunduzgi shifoxona va fizioterapiya muolajalari uchun dori vositalari;
ambulator sharoitda aholi (bemorlar)ga beriladigan qariyb 68 turdagi dori vositalari;
62 turdagi tibbiy buyumlar, tashxis qo'yish va antiseptik vositalari bepul taqdim qilinadi.
Kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar (dori vositalari, sarflash materiallari va tibbiy buyumlar ham) pulli asosda ko'rsatiladi. Shoshilinch va kechiktirib bo'lmaydigan tibbiy yordamlar bundan mustasno.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
