Raqamli tibbiyot: Yangi axborot modullari taqdimoti o'tkazildi
2026-02-14 09:25:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz topshiriqlari asosida sohani to'liq raqamlashtirish va tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida tizimga eng ilg'or axborot texnologiyalari joriy etilyapti. Xususan, ayni paytda barcha davlat tibbiyot muassasalari DMED yagona raqamli tibbiy axborot tizimiga ulanib, qariyb 38 million aholining elektron tibbiy kartasi shakllantirildi.
Kecha Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Prezident Administrasiyasi rahbari o'rinbosari T. Alieva ishtirokida tibbiyotga doir yangi raqamli modullar taqdimoti bo'lib o'tdi.
Unda Sog'liqni saqlash vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar mas'ullari, "Sog'liqni saqlash loyihalari markazi" loyiha ofisi, yagona integrator – "Uzinfocom" vakillari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda Toshkent shahar sog'liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari qatnashdi.
Dastlab tadbirda DMED yagona raqamli tibbiy axborot tizimining imkoniyatlari haqida taqdimot o'tkazildi. Unda ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari orasida birinchilardan bo'lib, Respublika dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan ushbu platforma quyi bo'g'in – tumanlar darajasida joriy etilganligi yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Aytish kerakki, mazkur tizim orqali bemorlarni ro'yxatga olish, qabul jarayonlarini avtomatlashtirish, davolash rejalarini shakllantirish hamda tibbiy ma'lumotlarni markazlashgan holda yuritish imkoni yaratilgan.
Shundan so'ng, muassasada yangi tashkil etilgan Situasion markaz faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berildi. U orqali hududlarda ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar dashbordlar asosida masofadan monitoring qilinib, tashxislar aniqligi, tayinlangan dorilar asosligi hamda davolash jarayonlari Real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Bu esa tibbiy xizmat sifatini oshirish va ehtimoliy xatolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Taqdimotda 2026 yil DMED va "elektron resept" modulini yanada rivojlantirish rejalari haqida ham aytib o'tildi. Xususan, joriy yilda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida ushbu platformadan, xususiy tibbiyot muassasalari va dorixonalarda esa "elektron resept" modulidan foydalanish bo'yicha o'quv mashg'ulotlarini o'tkazish ko'zda tutilgan.
O'z navbatida, sohadagi axborot tizimlarini ijtimoiy himoya milliy agentligi, Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi hamda Farm.xarid.uz platformalari bilan integrasiya qilish ishlari boshlandi.
Qolaversa, tadbirda tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligini baholashga qaratilgan KPI avtomatlashtirilgan tizimini amaliyotga joriy etish rejalari xususida ham ma'lumot berildi.
Taqdimot yakunida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo'llagan murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosidan kelib chiqqan holda 2026 yil tibbiyotda raqamlashtirish yili bo'lishi, shuning uchun mas'ullarga bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, sohaga sun'iy intellekt texnologiyalarini keng tatbiq etish bilan bog'liq aniq topshiriqlar berildi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.








