SSV: yangi yildan oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli bo'lishi haqidagi xabarlar haqiqatga zid!
2025-12-29 19:05:00 / Yangiliklar

Avvalo, shuni aytish kerakki, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz.
Chunki bugungi kunda respublikaning 37,7 mln. nafar aholisi DMED tizimiga biriktirilgan bo'lib, ularning elektron tibbiy kartasi to'liq shakllantirilgan. Shu sababli fuqarolarni tizimda qayta ro'yxatdan o'tkazishga hech qanday ehtiyoj yo'q.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida (KTMP, op, oshp) aholiga tibbiy-sanitariya yordami davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul ko'rsatiladi.
Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko'riklardan o'tish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam ko'rsatish bundan mustasno).
Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq, tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo'llanma beradi hamda bemor mazkur yo'llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko'rikdan o'tkaziladi va (yoki) shifoxonaga yotqiziladi.
Shu o'rinda eslatma: sog'liqni saqlash tizimiga oid eng to'g'ri va aniq ma'lumotlarni vazirlikning rasmiy sahifalari orqali olishingiz mumkin.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
