2025 YIL HAYOTINGIZDA QANDAY IZ QOLDIRDI?
2025-12-29 10:05:00 / Yangiliklar

O'zgalar salomatligi uchun o'z halovatidan kechib, odamlarga yordam qo'lini cho'zadigan, sog'liqni saqlash tizimidagi sifat o'zgarishlarida faol ishtirok etayotgan o'rta tibbiyot xodimlari safida ham 2025 yilda kasbiy muvaffaqiyatga erishganlar bisyor.
Xususan, "hamshira – 2025" respublika tanlovi g'oliblari bo'lgan qizlarimiz ushbu hayajonli lahzalarda dil so'zlari bilan o'rtoqlashdi.
Aziza Axmatova,
"Hamshira – 2025" respublika tanlovi birinchi o'rin sohibasi:
— 2025 yil hayotimda chuqur iz qoldirdi. Avvalo, respublika darajasida eng yaxshi hamshira sifatida e'tirof etildim. Bu oilam uchun ham unutilmas bo'ldi.
Hamshira shifokor bilan elkama-elka turib, bemorlar sog'ligi, hayoti uchun kurashadi. Hamkasblarim orasida mana shunday o'z ishini sevadigan, bilimli va zukko mutaxassislar juda ko'p. "Hamshira – 2025" tanlovining quyi bosqichlarida ular bilan bahsga kirishib, respublika bosqichiga qadar etib kelish men uchun oson bo'lmadi.
Finalda yurtimizning turli hududlaridan kelgan safdoshlarimiz bilan bilim va ko'nikmalarimizni almashdik.
Tanlovda g'oliblik eng katta orzularimdan biri – davlat granti asosida tibbiyot oliygohi talabasi bo'lish imkonini berdi. Bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot instituti 1-bosqich talabasiman. Bu erdagi tahsil menga zamonaviy tibbiy bilimlarni chuqur o'rganish, ixtisoslashish va professionalizm sari yo'l ochadi.
Nigina To'xtaeva,
"Hamshira–2025" ko'rik-tanlovinig 2-o'rin sohibasi:
— 2025 yil men uchun juda omadli keldi. "Hamshira" tanlovining final bosqichi g'oliblari qatoridan o'rin oldim. Shuning sharofati bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasiga aylandim. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida o'zlashtirgan bilimlarim samarasi o'laroq tibbiyot xodimlari malaka toifasiga hujjat topshirib, attestasiyadan eng yuqori ball oldim va 1-toifali hamshira bo'ldim.
Aytganday, yakuniga etayotgan yilda uyli bo'ldik. Yangi yil bayramini endi oilam bilan yangi xonadonimizda kutib olyapmiz! Qizalog'im iqtidorli bolalar maktabining 1-sinfiga qabul qilinib, hozir a'lo baholarga o'qimoqda.
Nasib bo'lsa, oliygohda bakalavr bosqichini tugatgach, magistraturaga, so'ng doktoranturaga harakat qilib, ilmiy izlanishlar olib borishni, olima bo'lishni ko'zlab turibman.
Sarvinoz Ochilova,
"Hamshira–2025" ko'rik-tanlovining 3-o'rin sohibasi:
— Hozir Toshkent shahar Uchtepa tuman tibbiyot birlashmasi ko'p tarmoqli Markaziy poliklinikasida amaliyot hamshirasi sifatida ishimni davom ettiryapman.
"Hamshira–2025" respublika tanlovida kuchli uchlikka kirdim. Bu — davlat granti asosida tibbiyot oliygohida o'qish imkoniyati degani. Lekin shunday imtiyoz bo'la turib, nega undan foydalanmaganim haqida ko'pchilik qiziqib so'raydi... Rostini aytsam, 28 dekabr kuni nikoh to'yim bo'ladi. Milliy qadriyatlarimizda oilaning o'rni juda muhim.
Ayniqsa, o'zbek ayoli bir qo'lida ishni tutsa, bir qo'lida uy-ro'zg'or yumushlari, kelinlik vazifalarini ham uddalashi kerak. Tibbiyot yo'nalishida oliy ta'lim olish igna bilan quduq qazish kabidir.
Bunday sharoitda ham o'qish, ham yangi oilaviy hayotni baravar olib borish oson emas. Ammo keyinchalik, albatta, tibbiyot oliygohiga o'qishga kirishni, kelajakda tibbiy ta'lim sohasida ishlashni ko'nglimga tugib qo'yganman.
2026 yilda sifatli tibbiy xizmatni xalqimizga yanada yaqinlashtirish yo'lida yangi va yaxshi o'zgarishlar davom etishiga ishonchim komil.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
