"Elektron resept" tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi
2025-12-15 10:20:00 / Yangiliklar

Kelib tushayotgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda, yuzaga kelayotgan savollarga aniqlik kiritish hamda yangi tizimga barqaror o'tishni ta'minlash maqsadida Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan qo'shimcha tashkiliy hamda tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Vazirlikda davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarining etakchi shifokorlari, tegishli idoralar vakillari va soha ekspertlari ishtirokida uchrashuv o'tkazildi.
Konstruktiv muloqot davomida "Elektron resept" tizimini joriy etish bilan bog'liq masalalar, shuningdek, bu borada tibbiyot xodimlarining tajribasi va bemorlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda ayrim tartib-taomillarni yanada takomillashtirish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.
Tizim mutaxassislari o'rtasida muntazam muloqotni ta'minlash maqsadida Sog'liqni saqlash vazirligi huzurida ekspertlar kengashini tashkil etish to'g'risida qaror qabul qilindi. Haftaning har juma kuni tibbiyot va farmasevtika sohasi vakillari hamda boshqa tegishli mutaxassislar ishtirokida ushbu Kengashning ochiq yig'ilishlari o'tkaziladi.
Uchrashuv doirasida "Elektron resept" tizimining amaldagi ishlash mexanizmlari yuzasidan ham tushuntirish berildi.
Ta'kidlanganidek, xususiy tibbiyot tashkilotlari va shifokorlarning "Elektron resept" moduliga ulanishi bepul bo'lib, buning uchun +998 (71) 202-50-00 raqami orqali murojaat qilish kerak.
Shuningdek, muloqotda resept (shu jumladan elektron resept)ni yozish faqat shifokor vakolatiga kirishi alohida qayd etildi.
Bemorlarni davolash uzluksizligini ta'minlash maqsadida, ma'lum bir tibbiyot muassasasida zarur dori vositasi yo'q bo'lgan hollarda, shifokor resept yozib beradi. Tegishli ma'lumotlarni rasmiylashtirish va elektron tizimga kiritish esa dorixona muassasasining farmasevti tomonidan amalga oshiriladi.
Qayd etilganidek, fuqaro dorixonaga murojaat qilganda, dori vositasi farmasevt tomonidan elektron resept, QR-kodli hujjat yoki JSHSHIR asosida beriladi.
Chet el fuqarolari esa elektron resept olish uchun umumiy shartlarda davlat tibbiyot muassasalarida ro'yxatdan o'tish huquqiga ega.
Sog'liqni saqlash vazirligi huzurida aholini qo'llab-quvvatlash maqsadida tunu kun ishlaydigan 1003 qisqa raqamli "Call-markaz" faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar u orqali "Elektron resept" tizimi bilan bog'liq barcha masalalar bo'yicha maslahat va tushuntirishlar olish imkoniga ega.
Yotoq rejimida bo'lgan bemorlar, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar maslahat va elektron resept olish uchun o'z oilaviy shifokoriga telefon orqali murojaat qilishi mumkin. Agar bemor oilaviy shifokorining telefon raqamini bilmasa, unga 1003 qisqa raqamli "Call-markaz" orqali zarur yordam ko'rsatiladi.
Tibbiyot mutaxassislari va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar yakunida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda, amalga oshirilayotgan mexanizmlarni mustahkamlash va aniqlashtirish, "Elektron resept" tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sog'liqni saqlash vazirining tegishli buyrug'i qabul qilindi.
Unga ko'ra:
1) Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov tuman (shahar)lari hududida "Elektron resept" tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, shifokor tomonidan dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo'yicha elektron reseptlar rasmiylashtiriladi va elektron tizimga kiritiladi;
2) zarur texnik imkoniyatlar mavjud bo'lganda, tibbiyot va farmasevtika tashkilotlari DMED axborot tizimiga bepul ulanadi hamda ularning axborot tizimlari Sog'liqni saqlash vazirligining raqamli platformasiga integrasiya qilinadi;
3) "Elektron resept" tizimi asosida beriladigan dori vositalarining ro'yxati bosqichma-bosqich shakllantirilib, bunda alohida ro'yxatlar ijtimoiy xavf va sohada yuzaga keladigan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda har bir bosqichda ekspertlar kengashi tomonidan tayyorlanadi hamda tasdiqlanadi;
4) tizimli ta'sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron resept majburiy bo'lishini nazarda tutuvchi birinchi bosqich belgilanadi;
5) shifokorning elektron reseptlarni yozish bo'yicha vakolatlari, shu jumladan muayyan tibbiyot tashkilotida mavjud bo'lmagan dori vositalarini tayinlash va keyinchalik dorixonalar farmasevtlari tomonidan ushbu ma'lumotni tizimga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi;
6) dorixonalarda reseptli dori vositalarini elektron resept asosida berish (shu jumladan, bemorning Jshshiri orqali) tartibi belgilanadi, qolaversa, tizim to'liq joriy etilgunga qadar va favqulodda vaziyatlarda istisno tariqasida qog'oz ko'rinishidagi reseptlarni rasmiylashtirish imkoniyati saqlab qolinadi;
7) bemor yoki uning vakilida elektron resept bo'lmagan taqdirda, dorixona farmasevtiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (qog'oz yoki elektron shaklda) asosida Jshshirni kiritib, tizim orqali elektron resept bilan tanishish va resept bo'yicha dori vositasini berish huquqini taqdim etuvchi mexanizm belgilanadi;
8) yurtimiz va chet el fuqarolarining tibbiy yordam va dori vositalarini olish (shu jumladan shoshilinch holatlarda) huquqlari ta'minlanadi, shuningdek, tizimni joriy etish bosqichlari va dori vositalari ro'yxatlari to'g'risida aholi rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi;
9) doimiy tushuntirish ishlari va qayta aloqa tizimi, shu jumladan kecha-kunduz ishlaydigan 1003 "Call-markaz"i faoliyati yo'lga qo'yilib, u orqali:
- yotoq rejimidagi va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning o'z oilaviy shifokoriga murojaat qilishi;
- oilaviy shifokorga (tegishli hollarda tor soha mutaxassislariga) masofadan turib murojaat qilgan holda elektron resept olishi;
- ko'rsatmalar mavjud bo'lganda, patronaj xizmatining tashkil etilishi va zarur tibbiy xizmatlar uyda ko'rsatilishi ta'minlanadi;
10) davolovchi shifokorning qaroriga ko'ra, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga:
– 60 kungacha davolanish davrida – xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq kodlanadigan, surunkali kasalliklarni davolashda tayinlanadigan, shuningdek, anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori vositalari uchun;
– 90 kungacha davolanish davrida - boshqa tayyor dori vositalari uchun (reimbursasiya doirasida - 30 kungacha) reseptlar yozishning alohida tartibi belgilanadi.
Ushbu hollarda elektron resept va tegishli QR-kodning amal qilish muddati belgilangan davolash kursi davriga muvofiq uzaytiriladi.
"Elektron resept" tizimi, eng avvalo, davolash xavfsizligini oshirish, dori vositalarini tayinlashda mas'uliyatni kuchaytirish va ularning aylanmasini tartibga solishga qaratilgan. Ushbu tizim doimiy monitoring asosida fuqarolar va tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi
Sog'liqni saqlash vazirligi
