Dunyoda eng keng tarqalgan virusga qarshi vaktsina o'ylab topilmoqda
2024-05-01 16:05:00 / Yangiliklar

EBV gerpesning bir turi (4-toifa odam gerpes virusi) bo'lib , asosan bolalik yoki o'smirlik davrida yuqadi. Ko'pincha kasallikka uchragan odam buni sezmasligi ham mumkin, chunki virus hech qanday alomatlarsiz tananing hujayralarini zararlaydi, so'ng inson organizmida abadiy qoladi. Virus, birinchi navbatda, infektsiyalarga qarshi kurashish uchun javob beruvchi antitanalarni ishlab chiqarishga mas'ul bo'lgan V-limfositlari, ya'ni immun hujayralariga hujum qiladi.
Ba'zida virus faollashishi mumkin: bu holda o'tkir yallig'lanish kasalligi — yuqumli mononukleoz rivojlanadi. Alomatlariga ko'ra u O'rviga o'xshaydi, lekin uzoqroq (bir necha oy) davom etishi mumkin, ba'zan esa xavfli asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Afsuski bu virusni davolashning aniq usullari mavjud emas. Olimlar yillar davomida unga qarshi vaktsina yaratish uchun ko'p harakat qilishgan, ammo buni uddalay olishmagan.
Yaqinda AQShning allergiya va yuqumli kasalliklar instituti (NIAID) olimlari tomonidan erishilgan natijalar esa bu borada siljish bo'lishiga umid borligini anglatadi. Yangi tadqiqot virusning ba'zi zaif tomonlarini aniqladi va maqsadli davolash imkoniyatlarini ochib berdi.
Natijalar hozircha hayvonlar bilan cheklangan, ammo ular ancha yaxshi ko'rsatkichlarga ega. Agar keyingi tadqiqotlar odamlarda xuddi shunday natijalarni ko'rsatsa, vaktsina hali bu virus bilan kasallanmagan insonlar uchun istiqbolli profilaktik chora bo'lishi mumkin. Bu, shuningdek, kasallik yoki transplantasiya operasiyasi tufayli immuniteti zaiflashgan bemorlar uchun foydalidir. Chunki bu odamlar, hatto, o'limga olib kelishi mumkin bo'lgan bu og'ir kasallik xavfi ostida bo'lishi mumkin.
Ma'lumot uchun: EBV qanchalik keng tarqalgan va uning oqibatlari qanchalar jiddiy bo'lishiga qaramay, uni faqat 1963 yilda doktor Entoni Epshteyn va uning o'sha davrdagi aspiranti ivona Barr kashf etgan. O'sha paytda bu haqiqiy yangilik bo'lgan, chunki ilgari saratonni qo'zg'atuvchi bironta virus aniqlanmagandi. Undan so'ng biz boshqa viruslar, masalan, odam papilloma virusi (OPV) haqida bildik, unga qarshi esa samarali vaktsina mavjud. U 2019 yilda yurtimiz profilaktik emlash kalendariga 11-vaktsina bo'lib kiritilgan.
Tadqiqot AQSh "Immunity" jurnalida chop etilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
