Yashil makon: Qiziltepa tumanida 800 mingdan ortiq ko‘chat zahirasi yaratildi
2026-10-19 12:55:00 / Yangiliklar

Ayni paytda ushbu ko‘chatxonada 800 mingdan ortiq turli manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Ular orasida katalpa, archa, zarang, qayrag‘och, tut va boshqa ko‘plab manzarali hamda iqlimga mos ko‘chat turlari yetishtirilmoqda.
Ushbu zahira «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida viloyat va tuman hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish ishlarida keng foydalanilishi rejalashtirilgan.
Jarayonda viloyat hokimi ko‘chatxona mas’ullari va tajribali agronomlar bilan suhbatlashib, hudud iqlimiga chidamli yangi ko‘chat navlarini ko‘paytirish, jumladan, chinni gujum kabi qimmatli va soya-salqin beruvchi daraxt turlarini yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha aniq tavsiya va topshiriqlar berdi.
Manzarali va soyador daraxtlar zahirasini yaratish — hudud ekologik barqarorligini ta’minlash hamda «Yashil makon» loyihasining navbatdagi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi.


