Mahalladagi muammo — e’tiborsiz qolmasligi kerak
2026-10-08 10:55:00 / Yangiliklar

Bugun Navoiy viloyati hokimligida viloyat hokimi Normat Tursunov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Gʻofurjon Mirzayev raisligida ushbu yo‘nalishlardagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyaga ketgan fuqarolar bilan ishlash samaradorligini oshirish va har bir mahallada mavjud muammolarni manzilli hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mahallalarda tazyiq va zo‘ravonlik, erta turmush hamda oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish, “Tozalik va ozodalik — dolzarb ikki oyligi”ni namunali tashkil etish, mahallalarni xizmat binolari bilan ta’minlash hamda og‘ir toifadagi mahallalarni aniqlash masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Yig‘ilishda har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarning vazifalari belgilab olinib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning yechimini ta’minlash va amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Chunki mahalladagi har bir muammo — odamlar hayoti bilan bog‘liq. Muammoni ko‘rishning o‘zi yetarli emas. Muhimi — uning aniq yechimi va natijasini ta’minlash.





