Bitiruvchilarga diplomlar tantanali topshirildi
2026-07-17 14:25:00 / Ta'lim
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Navoiy davlat universitetini bakalavr va magistratura bitiruvchilariga diplomlarni tantanali topshirish marosimi — “Bitiruvchi - 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimni Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov ochib berib, bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan samimiy muborakbod etdi va ularga kelgusi mehnat faoliyatida ulkan yutuqlar, yuksak marralar, Vatan taraqqiyoti yo‘lida munosib xizmat qilishlarini tiladi.
Tadbir davomida o‘qish va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar munosib taqdirlandi hamda bakalavr va magistratura bitiruvchilariga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi imtiyozli diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Joriy o‘quv yilida universitetni 35 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 4 662 nafar hamda 18 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 227 nafar, jami 4 889 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi.


