NAVOIY TEMIR YO‘L VOKZALI ZAMON TALABLARI ASOSIDA REKONSTRUKSIYA QILINADI
2026-07-02 14:05:00 / Aqlli shahar

1984 yilda ishga tushirilib, so‘nggi bor 2012 yilda ta’mirlangan ushbu maskanda bugun yo‘lovchi oqimi keskin ortgan. Ayni paytda vokzal bir sutkada 500 nafardan ortiq yo‘lovchini qabul qilmoqda. Bu esa tig‘iz vaqtlarda umumiy kutish va VIP zallarida sig‘im yetmasligi hamda tirbandliklarni yuzaga keltiryapti.
Aholi va mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida vokzalda keng ko‘lamli qayta ta’mirlash ishlarini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Loyiha doirasida yo‘lovchi kutish zallari kengaytirilib, sig‘imi oshiriladi. Mehmonlarni kutib olish VIP zallari zamonaviy andozalarda qayta ta’mirlanadi. Xizmat ko‘rsatish sifati va infratuzilma to‘liq yangilanadi.
“Asosiy maqsadimiz — Navoiyga kelayotgan har bir fuqaro va mehmon uchun yuqori darajadagi qulaylik hamda xavfsizlikni ta’minlashdir. Vokzal viloyatimizning mehmondo‘stlik ko‘zgusiga aylanishi shart”,— dedi viloyat rahbari.
Hozirda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlash bo‘yicha so‘nggi choralar ko‘rilmoqda.




