30 iyun — Yoshlar kuni!
2026-06-30 14:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugun Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, ertangi kunimizning ishonchli tayanchi – bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlardir. Navoiy viloyatining iqtidorli o‘g‘il-qizlari ilm-fan, sport, madaniyat, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohalarida erishib kelayotgan ulkan yutuqlari bilan barchamizni faxrlantirmoqda.
Quvonarlisi, mana shunday fidoyi va intiluvchan yoshlarimizning mehnatlari davlatimiz tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. Xususan, bayram arafasida Muhtaram Prezidentimizning Farmon va Qarorlariga muvofiq, yurtimizning bir guruh faol yoshlari qatorida navoiylik yoshlar — Navoiy ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘qituvchisi Sulaymon Istamtoshev («Kelajak bunyodkori» medali), Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti katta o‘qituvchisi Hayot Istamov hamda «NKMK» AJ Navoiy mashinasozlik zavodi muhandis-texnologi Hazrat Salimjonovlarning yuksak davlat mukofotlari («Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti) bilan taqdirlangani barcha navoiylik yoshlarning yutug‘idir.
Bu kabi zafarlar viloyatimizdagi minglab yoshlarning kuch-g‘ayratiga kuch qo‘shishiga, yangi marralar sari ruhlantirishiga ishonaman.
Aziz farzandlarim!
Sizlarning g‘ayratingiz, yuksak orzu-intilishlaringiz va ezgu maqsadlaringiz mamlakatimiz taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchidir. Biz har bir o‘g‘il-qizimizning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga, orzu va rejalaringizni ro‘yobga chiqarishga doimo tayyormiz.
Ishonamanki, barchangiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, Yangi O‘zbekiston va jonajon Navoiyimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasizlar.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, ilm va mehnatda ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringiz ro‘yobini tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
✏️Hurmat bilan,
Normat Tursunov,
Navoiy viloyati hokimi
