NAVOIYDA ZAMONAVIY KARDIOLOGIYA MARKAZI BARPO ETILMOQDA
2026-06-30 09:35:00 / Sog'liqni saqlash

Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi «Guliston-3» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan yangi sog‘liqni saqlash ob’yekti — Tibbiyot birlashmasi qoshidagi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur zamonaviy tibbiyot maskani 80 o‘rinli kardiologiya stasionar bo‘limi hamda bir smenada 100 nafar tashrif buyuruvchiga mo‘ljallangan poliklinikani o‘z ichiga oladi.
Markaz ishga tushishi natijasida viloyat aholisi uchun yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini mahalliy darajada o‘tkazish va sifatli davolash imkoniyatlari kengayadi.
Viloyat rahbari qurilish maydonida olib borilayotgan ishlarning sifati, belgilangan me’yorlarga mosligi va loyihaning borishini muhokama qildi. Mas’ullar va quruvchilarga ishlarni sifatli yakunlash, tibbiyot maskanini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga doir zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiquvchi mazkur maskandagi ishlar qat’iy nazorat ostida davom ettirilmoqda.



