NAVOIY SHAHRIDAGI "O‘ZBEKISTON" MAHALLASI YANGI QIYOFAGA KIRADI
2026-06-30 09:10:00 / Aqlli shahar

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Navoiy shahrining «O‘zbekiston» mahallasida bo‘lib, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat rahbari mahalla hududidan o‘tuvchi, bugungi kunda shahar ko‘rkiga soya solib turgan muammoli nuqtalarda mavjud holatni tanqidiy ko‘zdan kechirdi.
Mahalla tubdan yangilanib, zamonaviy arxitektura talablari asosida qayta chiroy ochadi. Poytaxt tajribasi asosida, bu yerda ham tunu kun faoliyat yuritadigan, aholi va mehmonlar bilan gavjum bo‘ladigan shinam go‘shalar barpo etiladi. Ko‘cha bo‘ylab bir xil andozadagi zamonaviy kafe va restoranlar, dam olish maskanlari hamda aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun maxsus «Selfi zona»lar tashkil etiladi. Hudud to‘liq obodonlashtirilib, odamlar sayr qiladigan, dildan suhbat quradigan va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladigan go‘zal xiyobonga aylantiriladi.
"Bizning asosiy maqsadimiz — xalqimizga munosib sharoit yaratish. Ushbu mahalla tez orada nafaqat shahar ahli, balki viloyatimiz mehmonlari ham zavq bilan aylanadigan, haqiqiy ma’noda ko‘ngilochar va so‘lim maskanga aylanadi", — deya ta’kidladi viloyat hokimi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va loyihani qisqa muddatlarda sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.




