Navoiyda Matbuot va OAV xodimlari taqdirlandi
2026-06-27 14:05:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirokida o‘tgan ushbu tantanali tadbirda jamiyatimiz ko‘zgusi, xalq bilan muloqotning mustahkam ko‘prigi bo‘lgan bir guruh faol va fidoyi jurnalistlar, blogerlar hamda soha faxriylari yuksak ehtirom bilan qutlandi. Viloyat rahbari jurnalistlarning mashaqqatli va sharafli mehnatlarini yuksak baholab, hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tarixiy o‘zgarishlarni xolis va tezkor yoritishda, Navoiy vohasi salohiyatini keng jamoatchilikka targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan ijodkorlarga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildirdi.
«Sizlarning har bir chiqishingiz, kuyunchaklik bilan yozilgan maqola va reportajlaringiz viloyatimiz rivojiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda», — deya ta’kidladi viloyat hokimi.
Bayram munosabati bilan sohada alohida namuna ko‘rsatgan, qalami o‘tkir bir guruh OAV vakillari viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali ravishda taqdirlandi.





