EKOLOGIYA, ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA TABIATDAN FOYDALANISH SOHASIDAGI HUQUQBUZARLIKLARNI SODIR ETGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILMOQDA
2026-06-24 17:25:00 / Ekologiya

Yurtimiz aholisining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida davlat idoralari va sohaga oid vakolatli organlar bilan hamkorligining oshib borayotganligi ham bu borada jamoatchilik nazoratining kuchayganligidan dalolat beradi.
Bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlar salmog‘ini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 4 may sanasida “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi yangi Qonun (O‘RQ-1143-son) qabul qilindi.
Qonunga muvofiq 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 754-XII-sonli Qonuni yangi XII bob bilan to‘ldirilib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilmoqda.
Jumladan,
- daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida (54-modda),
- suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv ob’yektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining o‘n baravari miqdorida (55-modda),
- daraxtlarni va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik, shuningdek ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning besh baravaridan o‘n baravarigacha bo‘lgan miqdorda (56-modda),
- ifloslantiruvchi moddalarni yo‘l qo‘yiladigan normativdan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarib tashlaganlik uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining ikki baravari, III toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — to‘rt baravari, II toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — olti baravari, I toifasiga mansub yuridik shaxslarga nisbatan — o‘n baravari miqdorida (57-modda),
- qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining uch baravari (58-modda),
- yoqilg‘ini, moddalarni, materiallarni va chiqindilarni yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining besh baravari miqdorida (59-modda),
- sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan chiqindilar joylashtirilganligi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining besh baravari (60-modda) miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunning 61-moddasi bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibi belgilanib, ushbu Qonunning 54 — 60-moddalarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar yuridik shaxslarga nisbatan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi davlat ekologik nazoratini amalga oshirish doirasida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari asosida qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Qayd etib o‘tish joizki, yuridik shaxslar ushbu Qonunning 54 — 60-moddalarida nazarda tutilgan, sodir etilgan huquqbuzarliklardagi aybini tan olgan taqdirda, moliyaviy sanksiya O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llaniladi, nizo mavjud bo‘lgan taqdirda yoki yuridik shaxs O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy muddatda moliyaviy sanksiya summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamagan hollarda, moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi masala sud tartibida hal etiladi.
Shuningdek, Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra bu sohadagi yo‘l qo‘yilgan bitta huquqbuzarlik uchun ikki xil jarima qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham bir qator qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, MJtKning 88-moddasi beshinchi va oltinchi qismlar bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilg‘ini, yoqilg‘i sifatida foydalaniladigan moddalarni yoki moddalar aralashmasini, yoqilg‘i hisoblanmaydigan materiallarni va chiqindilarni ochiq alanga oldirib yoqish, shuningdek issiqxonalarda, ishlab chiqarish binolarida, yondirish uskunalarida yoki boshqa ob’yektlarda yoqilg‘i sifatida shinalarni, bitumni, mazutni, plyonkani, sintetik kartonni, rezinani, jun tolasini yoqish va shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan chiqindilarni yoqish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida keltirib o‘tiladiki, mazkur Qonunga asosan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2026-yil 5-avgust sanasidan e’tiboran kuchga kiradi.
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
Fahriddin BAHRONOV
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
Hamidullo SA’DULLAYEV
