Hurmatli aziz bolajonlar, muhtaram ota-onalar, qadrli yurtdoshlar!
2026-06-01 08:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni insoniyatni bolalar huquqlarini ta’minlash, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, tinch va farovon hayot kechirishi yo‘lida birlashishga chorlaydigan ezgu sana sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu kun bizga har bir bolaning baxtli bolaligi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi, o‘z iqtidor va qobiliyatini to‘la namoyon etishi uchun munosib sharoit yaratish eng ulug‘ va mas’uliyatli vazifa ekanini yana bir bor eslatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, avvalo, inson qadri, uning huquq va manfaatlari, ayniqsa, yosh avlod taqdiri turibdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida farzandlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan insonlar etib tarbiyalash ustuvor vazifaga aylangan.
Zero, mamlakatimizning ertangi kuni bugungi bolalarning qanday ta’lim-tarbiya olishiga, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarga bevosita bog‘liqdir. Shu bois mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, zamonaviy ta’lim muassasalarini barpo etish, bolalarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Navoiy viloyatida ham yosh avlod kamoloti, ularning bilim olishi, sport, san’at va innovasion texnologiyalar bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Biz har bir farzandimizda ulkan salohiyat, yuksak orzu va kelajakka ishonchni ko‘ramiz. Ana shu ishonch va ezgu maqsadlar bizni yanada katta marralar sari chorlaydi.
Aziz bolajonlar!
Sizlar — xalqimizning faxri, yurtimizning kelajagi, Yangi O‘zbekistonning ishonchli bunyodkorlarisiz. Sizlarning beg‘ubor kulgungiz, ezgu orzularingiz, ilmga chanqoq intilishingiz barchamizga kuch va ilhom bag‘ishlaydi.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxtli bolalik, porloq kelajak, ilm-fan va ijod yo‘lida ulkan zafarlar tilayman. Doimo ota-onangiz, ustozlaringiz va Vatanimiz iftixori bo‘lib kamol toping.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
✏️Hurmat bilan,
Normat Tursunov
Navoiy viloyati hokimi
