NAVOIY VILOYATI HOKIMI NORMAT TURSUNOVNING KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA XALQQA MUROJAATNOMASI
2025-12-28 14:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdiddir. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Shu bois 2026- yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida “favqulodda holat” e’lon qilinishi butun davlat boshqaruvi tizimi uchun jiddiy ogohlantiruv va mas’uliyatdir.
Muhtaram Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, Hisob palatasi vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, mansab vakolatlarining suiste’mol qilinishi holatlariga qarshi ta’sirchan nazorat o‘rnatiladi.
Eng muhimi, komplayens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilish – korrupsiyaga sheriklik deb baholanishi va javobgarlik ham shunga yarasha bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Navoiy viloyatida 2025-yil mobaynida jami 150 ta (148) korrupsiya, iqtisod, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlari faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlar aniqlanib, 2024 yilning mos davriga nisbatan barqaror saqlanib qolgan.
Ma’lumot uchun: 5 ta (5) poraxo‘rlik, 3 ta (1) tovlamachilik, 77 ta (94) firibgarlik, 21 ta (16) valyuta qoidasini buzish, 0 (1) qalbaki pul yasash va o‘tkazish, 7 ta (7) o‘zlashtirish, 37 ta (24) boshqalar shular jumlasidandir.
Shundan, sanoatda 10 (11) ta, yoqilg‘i-energetika 6 (1) ta, bank, moliya tizimida 1 (0) ta, ijtimoiy sohalarda 16 (8) ta, iste’mol bozori 0 (1) ta, chet-el fermalari va qo‘shma korxonalar 1 (0) ta, o‘rta va kichik biznesda 22 (18) ta, huquqni muhofaza qilish idoralarida 3 (1) ta, nazorat idoralarida 10 (12) ta, hokimiyat idoralarida 4 (2) ta, boshqa sohalardagi 77 (94) ta jinoyat jinoyat.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 37 ta (17) guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan 186 nafar (173) shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, 8 nafari (5) qamoqqa olingan xolos.
Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 1 mlrd 878 mln 900 ming so‘mlik zararning 717 mln so‘mi (38,1 foizi) undirilib, qolgan 1 mlrd 161 mln 900 ming so‘mi (61,9%) undirilmasdan qolmoqda.
2025 yil 12 oyi davomida jami 77 ta (94) firibgarlik jinoyatlari aniqlangan.
Bu korrupsiya sohasida aniqlangan jami (150) jinoyatlarning
51,5 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi degani.
Firibgarlik esa mansabdor shaxslar vakolati doirasiga kirmaydigan kam ahamiyatli jinoyat hisoblanadi.
Bunday salbiy holatlar davlat idoralarining mansabdor shaxslari bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligini, ular orasida yetarlicha manbalar yo‘qligini, tezkor xodimlarimiz, asosan, arizachi fuqarolarning ma’lumotlari bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazib, shu bilan kun kechirayotganligini ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, 2025-yil davomida yer resurslari talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq jami 46 ta jinoiy holat aniqlangan.
Ma’lumot uchun: 50 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, 1 mlrd 121 mln 299 ming so‘mlik zarar aniqlanib, hozirgi kunga qadar umuman aniqlangan zarar undirilmagan.
Hokimiyat vakillari tomonidan yer resurslarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar 7 ta aniqlangan xolos.
Noqonuniy muomaladan olingan yerlar 59,056 gektar bo‘lib, shundan 3,717 gektari hokimiyat zaxirasidagi, 5,145 gektari ekin va 50,195 gektar boshqa yer maydonlarini tashkil etgan.
Viloyatda korrupsion jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha umumiy profilaktik ishlar bilan bir qatorda, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, joylardagi ayrim ichki ishlar organlari tomonidan yetarli darajada tezkor-qidiruv va profilaktik ishlar olib borilmayotganligi, shuningdek viloyat IIB tomonidan yuborilgan ko‘rsatma hamda topshiriqlarning ijrosi to‘liq bajarilmaganligi sababli xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Navoiy viloyati hokimligida korrupsiya haqida xabar berish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, rasmiy veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlarda murojaat liniyalari hamda 1066 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilish mumkin.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan yoki unga qarshi kurashishda faol ishtirok etgan fuqarolar shaxsi sir saqlangan holda belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi.
2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy Kengash yig‘ilishida “Navoiy tajribasi”ni yaratish bo‘yicha alohida vazifalar belgilandi. Bu tashabbus maishiy korrupsiyaning ildiziga — jamoatchilik fikri, aholining huquqiy ongi va fuqarolik pozisiyasiga tayangan holda kurashishni nazarda tutadi.
Bugungi kunda viloyatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik kengashlari, ta’lim muassasalari, mahalliy davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda keng qamrovli 20 dan ortiq sohalarda ijtimoiy so‘rovlar, 1000 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari va 6 ta yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Yosh mutaxassislarda “halollik vaksinasi”ni shakllantirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro tajribalarni o‘rganish va joriy etish ishlari bunga yaqqol misoldir.
Maishiy korrupsiyani oldini olishda “Navoiy tajribasi”ni yaratish borasida bepul huquqiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ham fuqarolik jamiyati institutlari bilan faol hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan, 2025 yil 6-17 oktyabr kunlari Polsha Respublikasi Varshava shahrida, 20-25 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan V-Xalqaro aksilkorrupsiya Forumi doirasida ham aynan “Navoiy tajribasi”ni rivojlantirish borasida Finlyandiya, Estoniya, Latviya, Gruziya, Janubiy Koreya va boshqa qator ilg‘or davlatlar tajribalarini o‘rganish bo‘yicha viloyatdagi nodavlat tashkilotlar tomonidan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Qadrli navoiyliklar!
Korrupsiyaga qarshi kurash — faqat davlat idoralarining emas, butun jamiyatning umumiy vazifasi. Halollik, adolat va qonun ustuvorligi har birimizdan boshlanadi.
Korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, “Navoiy tajribasi”ni hayotga tatbiq etish, viloyatimizni bu borada halollik namunasiga aylantirish yo‘lida barchangizni faollikka chorlaymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
