Xalqaro standartlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar

“Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” ISO 37001:2016 xalqaro standarti – bu tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini oʻzida jamlagan, korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladigan standartdir.
ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, qoʻllab-quvvatlash, tahlil qilish va takomillashtirish uchun talab va koʻrsatmalarni belgilaydi.
ISO 37001:2016 har qanday yurisdiksiyada va har qanday sektor hamda tarmoqda (davlat, xususiy yoki notijorat tashkilot va hokazo) korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.
ISO 37001:2016 standartini joriy etish fuqarolarning ishonchini orttirish, xodimlarning halolligini oshirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish hamda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning shaffof va samarali tizimini yaratishni maqsad qilgan davlat idoralari uchun juda samarali vosita hisoblanadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning tarkibiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkil etilgan boshqaruv tizimi va mexanizmlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi “CERT International” tashkiloti tomonidan tashqi auditdan oʻtkazilib, vazirlik tomonidan 2023-yilda ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikati qoʻlga kiritildi.
Vazirlik tizimidagi 28 nafar xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi boʻyicha oʻqitilib, ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini olgan.
