“IT CAREER EVENT – 2025”: yoshlar bilan ochiq muloqot va rivojlanish imkoniyatlari yuzasidan Oʻzbekistondagi yetakchi OTM talabalari va “IT” akademiyalarining ilgʻor talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi
2025-05-07 16:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirning asosiy maqsadi – iqtidorli va zamonaviy bilimlarga ega yoshlarni iqtisodiyot va moliya sohalariga jalb etish, ularni sohaga oid dolzarb yangiliklar, raqamli yechimlar va sun’iy intellekt asosidagi loyihalar bilan tanishtirish va bandligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Vazirlik rahbariyati ta’kidlaganidek, bugungi kunda axborot texnologiyalari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, budjet ochiqligi va hisobdorligini ta’minlashda muhim vositaga aylanmoqda. Ayniqsa, elektron budjet tizimlari, real vaqt rejimidagi nazorat, xarajatlarni tahlil qilish va optimallashtirish imkonini beruvchi sun’iy intellekt yechimlari kelajakda davlat moliyasini samarali boshqarishda muhim o‘rin tutadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilanganidek, “Yoshlar – axborot texnologiyalari rivojining bosh harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi lozim.” Shu bois, yosh mutaxassislarni sohalarga faol jalb qilish ustuvor vazifa sanaladi.
Tadbir davomida:
- -Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan vazirlik mutasaddilari bilan bevosita muloqot olib bordi;
- -IT yo‘nalishlari – Software, Hardware, Analytics bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi;
- -Yutuqli o‘rinlarni egallagan yoshlarga zarur texnik vositalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari markazi va vazirlik IT departamentida amaliyot o‘tash, istiqbolli yoshlarni ishga taklif qilish imkoniyatlari taqdim etildi.
“IT CAREER EVENT – 2025” orqali iqtidorli yoshlar bilan ochiq muloqot platformasi shakllantirilib, ular uchun kelajakdagi kasbiy yo‘nalishda muhim qadamlar qo‘yildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati









