Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda “Genderga yo’naltirilgan budjetlashtirish” bo‘yicha seminar o’tkazilmoqda
2025-10-28 20:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida” SQ-297-IV sonli qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjet loyihalarini ishlab chiqish jarayonida gender jihatlarni hisobga olgan holda ularni gender ekspertizasidan oʻtkazish, “Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish”ni rejalashtirish hamda uni budjet jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
Shuningdek, joriy yilda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi tomonidan “Dasturiy budjetlashtirish joriy etilayotgan pilot vazirlik va idoralarda Genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish boʻyicha 2025–2026-yillarda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar” tasdiqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 28-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “BMT ayollar” tuzilmasi (UN Women) hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi bilan hamkorlikda vazirlik va idoralar xodimlarining genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv seminari tashkil etildi.
Mazkur seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Kozixonova, Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Gulnora Raximova, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakili Renata Vrobel hamda xalqaro hamkor tashkilotlar, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etdi. Ushbu seminar “BMT ayollar” tuzilmasining maslahatchi Ermira Lubani hamda konsultant Blerina Xhani tomonidan o’tkazilmoqda.
Seminar avvalida tegishli mutasaddi rahbarlar soʻzga chiqib, genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirishni davlat moliyasini boshqarish tizimiga joriy etishning ahamiyati borasida toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, ushbu tizim davlat xarajatlarini ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib hamda ayollar va erkaklar uchun teng tarzda amalga oshirish orqali gender tafovutlarini bartaraf etish borasidagi saʼy-harakatlarning shaffofligi, hisobdorligi va nazoratini taʼminlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, davlat moliyasini boshqarish islohoti doirasida sinov tariqasida dasturiy budjetlashtirish joriy etilayotgan pilot vazirliklarda 2026-yil uchun budjet dasturlariga gender tengligi boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni joriy etish ishlari boshlangani koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, seminarda “BMT ayollar” tuzilmasining xalqaro ekspertlari tomonidan genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish tizimini joriy etish istiqbollari va ushbu yoʻnalishning xalqaro tajribada qoʻllanilishi boʻyicha ishtirokchilar uchun taqdimot oʻtkazildi hamda amaliy treyninglar tashkil etildi.
Ushbu oʻquv seminari joriy yilning 30-oktabr kunigacha davom etishi koʻzda tutilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati





