Startap ekotizimini rivojlantirish borasida 2025-yilning I yarmida qanday ishlar amalga oshirildi?
2025-07-18 18:30:00 / Vazirlik yangiliklari
“UzVC” milliy venchur fondi venchur jamgʻarmalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etilib, joriy yildan faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Tadbirkorlik subyektlarining startap loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari va xoʻjalik jamiyatlariga venchur jamgʻarmalar tashkil etish, venchur investitsiyalarni amalga oshirish hamda ishonchli boshqarish shartnomasi asosida boshqa venchur jamgʻarmalarga oʻz mablagʻlarini berish hamda startap-studiyalar tashkil etishga ruxsat berildi.
Natijada joriy yilda 6 ta venchur jamgʻarma tashkil etilib, venchur kapital bozorida 11 ta mahalliy ishtirokchi shakllantirildi, shundan Fondlar fondi 1 ta (“UzVC”) va venchur jamgʻarmalar 10 ta (“Aloqa ventures”, “IT Park Ventures”, “United Ventures”, “SQB Ventures”, “Asaka Ventures”, “Yoshlar ventures”, “UC Ventures”, “Semurgʻ ventures”, “Sarmo Ventures”, “Imkon Ventures”).
Ushbu venchur jamgʻarmalarning 4 tasi (“UC Ventures”, “Semurgʻ ventures”, “Sarmo Ventures”, “Imkon Ventures”) xususiy venchur jamgʻarmalar hisoblanadi va bu startap ekotizimini rivojlantirishda xususiy sektorga ham katta imkoniyat taqdim etilganidan dalolat beradi.
“UzVC” milliy venchur fondi tomonidan startap loyihalarni boshlangʻich bosqichlarda moliyalashtirishga qaratilgan ushbu “Sarmo Ventures” va “Imkon Ventures” xususiy venchur jamgʻarmalariga jami 1 mln dollar mablagʻni boshqaruvga berish boʻyicha bitim imzolandi.
Tadbirkorlik subyektlarining startap loyihalarini moliyalashtirish uchun kiritilgan jami venchur investitsiya miqdori 145 mln dollarga yetkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoni bilan “UzVC” milliy venchur fondi huzurida startap loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish, jumladan, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish hamda startap loyihalarga investitsiya kiritishga qaratilgan Startap loyihalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati
