Jahon banki vakillari bilan "yashil" iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik dasturlarini muhokama qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi
2024-12-13 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Jahon bankining Energetika bo‘yicha katta mutaxassisi Irina Voitexovitch, Jahon bankining konsultantlari Bhattacharji Kanti va Talgat Xudaybergenov hamda vazirlikning Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi va Davlat qarzi departamenti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar Markazlashgan isitish tizimining energiya samaradorligini oshirish loyihasi hamda Oʻzbekistonda quyosh panellarini moliyalashtirish dasturini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha texnik koʻmak missiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, 2050-yilgacha O‘zbekistonning isitish sohasini issiqxona gazlarini kamaytirish orqali dekarbonizatsiya qilishga qaratilgan texnik-iqtisodiy baholash, binolar va inshootlar ichki infratuzilmasini o‘rganish ishlarini muhokama qildi.
Jahon banki vakillari tomonidan mahalliy isitish kompaniyalari tomonidan yangi o‘rnatilgan uskunalarning ishlashi uchun tayyorgarlik darajasi va malakali kadrlar mavjudligi baholash loyiha muvaffaqiyati va barqarorligini ta’minlash uchun muhimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida barqaror isitish va sovutish imkoniyatlari bo‘yicha dastlabki natijalar ko‘rib chiqildi. Maqsad – O‘zbekistonning isitish sohasini dekarbonizatsiya qilish uchun uzoq muddatli amaliy va barqaror strategiyalarni ishlab chiqishdir. Ushbu strategiyalar issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga va butun mamlakat bo‘ylab toza, individual isitish yechimlarini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Uchrashuv so‘ngida, tomonlar mazkur loyihalar bo‘yicha hamkorlik ishlarini jadallashtirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati


