Til – millat koʻzgusi
2026-10-22 16:40:00 / Vazirlik yangiliklari

21-oktabr – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida Oʻzbek tili bayrami rasmiy tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda barcha vazirlik, idora va tashkilotlar qatorida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutasaddilari ham faol ishtirok etdi. Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi boshchiligida boshqarma boshliqlari, mutaxassislar, shuningdek, Gʻaznachilik qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi kabi tizim tashkilotlari rahbarlarining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchilari hamda xodimlari qatnashdi.
Tadbir oʻzbek mumtoz adabiyotining sultoni Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Ishtirokchilar millat taraqqiyoti va madaniyat rivojida ona tilimizning ahamiyatini alohida taʼkidlab, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan bogʻliq tarixiy voqealarga toʻxtalib oʻtdi.
Tadbir soʻngida Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa aya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. U shoirning adabiyotimizdagi oʻrni, ijodi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining yaratilish tarixi haqida qiziqarli xotiralar bilan oʻrtoqlashdi.
Bayram munosabati bilan vazirlikning oʻzida ham til bilimini sinovdan oʻtkazish imkoni yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
20-oktabrdagi PQ-308-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Umummilliy diktant” loyihasi oʻtkazildi. Loyiha ishtirokchilari ona tili qoidalarini qanchalik puxta egallaganini namoyish etdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Obiddin Mahmudov xodimlarni bayram bilan tabriklab, vazirlikda davlat tili talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.






