Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish monitoringi va baholash boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi
2026-10-19 20:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari vakillari, xalqaro tashkilotlar, taraqqiyot boʻyicha hamkorlar, shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda BRMga erishish borasidagi natijalarni baholash, xalqaro va milliy monitoring mexanizmlarini takomillashtirish, hududlar kesimida barqaror rivojlanish koʻrsatkichlarini tahlil qilish hamda xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashishdan iborat boʻldi.
Seminarning ochilish marosimida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda SDSN o‘rtasida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda SDSN faoliyatini rasman yo‘lga qo‘yish va mamlakatning barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor vazifalarini amalga oshirishda ushbu nufuzli xalqaro tarmoq bilan uzoq muddatli hamkorlikni boshlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va ekspert salohiyatidan samarali foydalanish, xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlarni milliy amaliyotga joriy etish borasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Tadbir doirasida SDSN ekspertlari tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi (SDG Index) metodologiyasi, koʻrsatkichlarni tanlash va baholash, maʼlumotlarni meʼyorlashtirish va umumlashtirish, shuningdek, BRMga erishish jarayonidagi tendensiyalarni kuzatib borish usullari taqdim etildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi natijalarini tahlil qilish, milliy va hududiy darajadagi koʻrsatkichlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqlash hamda mavjud maʼlumotlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. BRM koʻrsatkichlarini monitoring qilishda zamonaviy geografik axborot tizimlari (GIS) va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalanish, xususan, yer degradatsiyasini baholash boʻyicha xalqaro yondashuvlar yuzasidan ham fikr almashildi.
Seminarda Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish boʻyicha hisobotlarni tayyorlash, BRM ijrosini baholashning milliy tizimini xalqaro yondashuvlar bilan uygʻunlashtirish va hududlar kesimidagi maʼlumotlarning sifatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
SDSN delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasidagi uchrashuv va seminarlar barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xalqaro ekspertlar salohiyatidan foydalanish va Oʻzbekistonning BRMga erishish borasidagi natijalarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









