Jahon banki guruhi Prezidenti Ajay Banga bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-16 19:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Jahon bankining operatsion jarayonlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Imad Faxuri, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Jahon banki guruhi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, muloqot davomida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, infratuzilma va energetika, agrobiznes, sog‘liqni saqlash, turizm hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan “AgriConnect” va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan “Water Compact” tashabbuslarini amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan tashabbuslarni kengaytirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


