Xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy vitse-prezidenti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-10-16 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda XMKning Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston bo‘yicha bo‘linmasi rahbari Liza Kestner, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, muloqot davomida transport, energetika, suv xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilma yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, Toshkent–Andijon pullik avtomobil yo‘li, elektr taqsimlash tizimini takomillashtirish, irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlari hamda hududlarda umumta’lim maktablarini qurish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda xususiy sektorni rivojlantirish va tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari ham muhim o‘rin tutdi. Xususan, ipoteka bozorini rivojlantirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida XMK tajribasi va ekspert salohiyatidan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni mustahkamlash va fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



