Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-16 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda YTTBning birinchi vitse-Prezidenti Greg Guyet, YTTBning bank bo‘yicha vitse-Prezidenti Matteo Patrone, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov, Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistondagi makroiqtisodiy jarayonlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda YTTB bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Muloqot davomida davlat ishtirokidagi korxonalar va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlari, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi institutsional o‘zgarishlar bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. Xususan, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, mazkur soha uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish hamda yangi institutsional yechimlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ipoteka bozorini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish va tegishli loyihalarni ilgari surish yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, muhokamalarda tomonlar energetika va transport sohalarini rivojlantirishda hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikr almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


