Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari
2026-10-15 12:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (PIE) — faoliyat turi, aktivlari, yillik tushumi yoki xodimlari soni tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lgan, shuningdek, keng doiradagi manfaatdor tomonlar uchun ahamiyat kasb etadigan tashkilotlardir.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri Soliq qo‘mitasi hamda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami — 3736, 2025-yil 27-dekabr) muvofiq, tashkilotlarni mazkur toifaga kiritish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
1. Fond birjasi listingiga kiritilgan tashkilotlar;
2. Tijorat banklari, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari;
3. Investitsiya fondlari;
4. Birjalar;
5. Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar;
6. Ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida aktivlari va sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 million baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lgan hamda xodimlari soni 500 nafardan kam bo‘lmagan tashkilotlar.
Oltinchi mezon bo‘yicha yuridik shaxslarni reyestrga kiritish masalasi ko‘rib chiqilayotgan yildan oldingi ikki kalendar yil yakuni bo‘yicha soliq organlariga taqdim etilgan moliyaviy hisobotlardagi ko‘rsatkichlar asosida aniqlanadi.
Bunda, 2024–2025-yillardagi moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlari quyidagi uchta talabning barchasiga bir vaqtning o‘zida javob bergan yuridik shaxslar reyestrga kiritiladi:
Aktivlarining balans qiymati — BHMning 1 million baravari (440 milliard so‘m) va undan ortiq;
Sof tushumi — BHMning 1 million baravari (440 milliard so‘m) va undan ortiq;
Xodimlarining o‘rtacha yillik soni — kamida 500 nafar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, belgilangan mezonlar asosida reyestrga kiritilgan korxonalar soni 449 tani tashkil etadi.
Shuni ta’kidlash joizki, Yandex, Wildberries, UzIMEI va CRPT TURON kabi korxonalar ketma-ket oxirgi ikki yil davomida xodimlari soni 500 nafardan kam bo‘lganligi sababli reyestrga kiritilmagan.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri muntazam ravishda yangilab boriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi

