“Franklin Templeton” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-10-13 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda “Templeton Global Investments” bosh investitsiya direktori va “Templeton Asset Management” bosh ijrochi direktori Manraj Sekhon, “Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Marius Dan hamda iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasi bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ishtirok etdi.
Muloqot davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, davlat ishtirokidagi korxonalarni samaradorligini oshirish, kapital bozorini rivojlantirish hamda xalqaro investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (UzNIF) portfelidagi kompaniyalar faoliyatini transformatsiya qilish, ularning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, moliyaviy shaffofligini oshirish va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ayrim korxona aksiyalarini birlamchi ommaviy taklif etish (IPO) jarayonlariga tayyorlash, xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlari, institutsional investorlarni jalb etish hamda ushbu jarayonlarda xalqaro tajribadan foydalanish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tomonlar investitsiya jarayonlarining samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarga muvofiq korporativ boshqaruv amaliyotlarini joriy etish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro muloqotni davom ettirish, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilishga qiziqish bildirdilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi



