Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri yangilandi
2026-10-12 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (JAET) reyestrini belgilangan mezonlarga muvofiqlik boʻyicha oʻtkazilgan monitoring natijalari asosida yangiladi. Natijada reyestrdagi tashkilotlar soni 425 tadan 449 taga yetdi. Mezonlarga javob beradigan 24 ta tashkilot reyestrga birinchi bor kiritildi.
Yangilanish jamoatchilik manfaatlari uchun muhim boʻlgan tashkilotlarni muntazam aniqlash, ularning maqomini belgilangan mezonlar asosida qayta baholash va reyestr maʼlumotlarining dolzarbligini taʼminlashga qaratilgan.
Monitoring davomida Reyestrda avvaldan mavjud boʻlgan 17 ta tashkilot ayni paytda belgilangan mezonlarga javob bermasligi aniqlandi. Biroq, Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi Nizomning (roʻyxat raqami: 3736, 27.12.2025) 18-bandiga asosan mezonlarga javob bermaslik holati aniqlangan tashkilot navbatdagi ikki yil davomida reyestrda saqlanadi. Ushbu tartib tashkilotlarga hisobot, audit va korporativ boshqaruv boʻyicha talablarni bajarishda uzluksizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Reyestrning muntazam yangilanishi moliyaviy hisobot va audit shaffofligi hamda sifatini oshirish, jamoatchilik va investorlar manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyatini monitoring qilish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) qoʻllash koʻlamini kengaytirishga qaratilgan.
Yangilangan reyestr bilan hukumat portalida quyidagi havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin:
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (JAET) reyestri
2026-yilda reyestrga kiritilgan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar 2027-yil 1-yanvardan boshlab MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritishni tashkil etadi. Ular ikkinchi yil yakuniga, yaʼni 2028-yil oxiriga qadar moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzishi va auditorlik xulosalari bilan birga eʼlon qilishi lozim. Qonunchilik hujjatlarida MHXSga oʻtishning ertaroq muddati belgilangan yuridik shaxslar bundan mustasno. Ushbu talablar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ–282-son qarori va Nizomda belgilangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
