Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-06 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda OTBning O‘zbekistonda mamlakat operatsiyalari rahbari Mirzo Iskandar Gulamov, OTBning katta iqtisodchisi Sherzod Akbarov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, amaldagi tashabbuslarni rivojlantirish hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Uchrashuvda yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasini rivojlantirish, innovatsion salohiyatni kengaytirish bo‘yicha imkoniyatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur sohada xalqaro tajriba va texnik ko‘makdan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tomonlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiy jarayonlarda samarali foydalanish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va yangi texnologik imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi amaliy aloqalarni izchil davom ettirish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiy va texnologik taraqqiyotga xizmat qiluvchi yangi hamkorlik imkoniyatlarini birgalikda ilgari surish muhim ekanligini qayd etdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




