“Tashabbusli budjet”ni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik davom etmoqda
2026-10-06 14:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Davlat budjeti siyosati departamenti direktori Adham Eshchanov tomonidan 2026-yil yakunlari taqdim etildi. Ikki mavsum davomida jami 4 804 ta fuqaro tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, ularni amalga oshirish uchun 6,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Joriy yilda loyihada yangi mexanizmlar, jumladan, hamkorlik asosida moliyalashtirish va “deputat tashabbusi” joriy etildi. Hamkorlik asosida moliyalashtirish orqali 50 foiz mablag‘ni fuqarolar tomonidan shakllantirish sharti bilan 152 ta loyiha qo‘llab-quvvatlandi va aholi tomonidan qariyb 10 mlrd so‘m mablag‘ safarbar qilindi. “Deputat tashabbusi” doirasida esa 495 ta loyiha qo‘shimcha ravishda tanlab olinib, ularning umumiy qiymati 479 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston moliya idoralari o‘rtasidagi 2024–2026-yillardagi hamkorlik natijalari muhokama qilindi. Ushbu davrda 44 ta tadbir, 9 ta tahliliy material amalga oshirilib, maktablarda tashabbusli budjetlashtirishning “Maktab Open Budget” modeli ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Uchrashuvda, shuningdek, raqamli texnologiyalar va katta ma’lumotlar tahlili imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlar fuqarolarning budjet jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish va tashabbusli budjetlashtirish mexanizmlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi







