UCH AVLOD UCHRASHUVI: TAJRIBA VA ANʼANALAR DAVOMIYLIGI
2026-09-30 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Shu maʼnoda, joriy yilning 26-sentabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda vazirlik tizimida koʻp yillar samarali mehnat qilgan faxriylar, tajribali ustozlar hamda yosh xodimlar ishtirok etib, samimiy muloqot va tajriba almashish muhiti yaratildi.
Uch avlod vakillarini bir davrada jamlagan mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi – yillar davomida shakllangan kasbiy anʼanalarni yosh avlodga yetkazish, ustozlarning boy hayotiy va mehnat tajribasidan samarali foydalanish, yosh mutaxassislarda kasbga sadoqat va masʼuliyat tuygʻusini yanada mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Ayniqsa, bugungi yosh mutaxassislar uchun ustozlarning mehnatsevarlik, halollik, masʼuliyat, el-yurtga sadoqat va kasbga fidoyilik haqidagi hayotiy fikrlari alohida ahamiyat kasb etdi.
– Inson qaysi lavozimda ishlamasin, avvalo, oʻz kasbiga halol va vijdonan yondashishi kerak, – deya taʼkidladi vazirlik tizimida oʻzoq yillar ishlagan Gulbahor Aripova. – Yillar oʻtib, lavozimlar oʻzgaradi, ammo insonning mehnati, qoldirgan yaxshi nomi va shogirdlari uning eng katta merosidir.
Bugungi shiddatli davrda zamonaviy bilim va texnologiyalar bilan bir qatorda, milliy qadriyatlar, kasbiy anʼanalar va ustoz-shogirdlik tamoyillarini asrab-avaylash muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, vazirlikda faxriylarga ehtirom koʻrsatish, ularning boy tajribasidan yoshlar tarbiyasi va kasbiy faoliyatida foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ularning har biri vazirlik va soha taraqqiyotiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan, bugungi natijalar poydevorini yaratishda mehnati bilan ishtirok etgan fidoyi insonlardir.
“Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonida “Sport – sogʻliq garovi” shiori ostida oʻtkazilgan sport tadbirda vazirlik markaziy apparati xodimlari hamda vazirlik tizimida koʻp yillar mehnat qilgan faxriy ustozlar ham ishtirok etdi.
Sport bahonasida avlodlar yana bir bor birlashdi. Samimiy suhbatlar, hazil-mutoyiba va doʻstona muhit yoshlar bilan faxriylarni yanada yaqinlashtirdi.
Faxriylar yoshlarga oʻz hayotiy tajribalari, sogʻlom turmush tarzi va inson salomatligiga eʼtibor berish haqida fikrlarini bildirishdi.
Tohir IMOMOV,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi, Faxriylar kengashi raisi.





