O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-29 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni, xususan, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini samarali boshqarish, cho‘l va yaylov hududlarini o‘zlashtirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yilning 15–20-sentabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur tashrif davomida Misrning suv resurslarini boshqarish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, urug‘chilik, chorvachilik va cho‘l hududlaridan samarali foydalanish borasidagi tajribasi o‘rganilgan edi.
Uchrashuvda Misrning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqalarni mustahkamlash, suv tejovchi texnologiyalar, gidrologiya va modellashtirish, GIS va masofadan zondlash, iqlim o‘zgarishi hamda suv resurslaridan qayta foydalanish yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yaylov va foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta o‘zlashtirish, zamonaviy irrigatsiya yechimlarini qo‘llash, urug‘chilik va chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda Misr tajribasi asosida dastlab 20 ming gektar maydonda pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Muloqot davomida ikki mamlakat mutaxassislari va olimlarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, qo‘shma loyihalarni shakllantirish hamda ilmiy va amaliy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Xususan, Misrning yetakchi ilmiy markazlari mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etib, yaylovlarni o‘zlashtirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va chorvachilikni ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish nazarda tutilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlarda aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, ekspertlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish hamda O‘zbekiston–Misr hamkorligini yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




