Milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi ishga tushirildi
2026-09-24 19:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, vazirlik huzuridagi Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi, Expertise France hamda Citepa ekspertlari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – Milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasini milliy manfaatdor tomonlarga rasman taqdim etish, uning funksional imkoniyatlarini namoyish etish hamda platformadan samarali foydalanish bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur platforma O‘zbekistonning Kengaytirilgan shaffoflik tizimi doirasidagi iqlim majburiyatlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, boshqarish va hisobotlarda aks ettirish jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Seminar-treninglar davomida ishtirokchilarga platformaning arxitekturasi, asosiy funksional modullari va ishlash mexanizmlari taqdim etildi. Xususan, issiqxona gazlari inventarizatsiyasi (kadastri) moduli, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish moduli, ma’lumotlarni kiritish va boshqarish, hisob-kitoblarni amalga oshirish, ma’lumotlarni eksport qilish hamda hisobotlarni shakllantirish imkoniyatlari amaliy mashg‘ulotlar orqali ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida platformani O‘zbekistonning navbatdagi Ikki yillik shaffoflik hisobotini (BTR 2) tayyorlash jarayoniga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Platformadan foydalanish BTR va uning tarkibiy qismi bo‘lgan Milliy issiqxona gazlari kadastrini tayyorlash, tegishli ma’lumotlarni boshqarish va hisobotlarni shakllantirish jarayonlarini yanada tizimli va samarali tashkil etish imkonini beradi.
Seminar-treninglar yakunida Milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi milliy manfaatdor tomonlarga rasman topshirildi va amaliy foydalanish uchun ishga tushirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi








