Sanoatni dekarbonizatsiya qilish dasturi: O‘zbekiston investitsiya rejasini yakunlash bosqichiga o‘tdi
2026-09-18 16:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Missiyaning asosiy maqsadi dastur bo‘yicha ishlab chiqilgan investitsiya rejasining yangilangan loyihasini birgalikda ko‘rib chiqish, manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish hamda hujjatni CIF jamg‘armasiga o‘z vaqtida taqdim qilish bo‘yicha keyingi qadamlarni kelishishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning birinchi kunida xalqaro hamkor tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar ishtirok etdi. Vazirlik vakillari tomonidan investitsiya rejasining yangilangan loyihasi taqdim qilindi. Taqdimotda investitsiya rejasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, investitsiya ehtiyojlari va imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlari yoritildi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari bilan loyihani amalga oshirishda gender tengligi, ijtimoiy inklyuzivlik va adolatli o‘tish masalalari bo‘yicha alohida taqdimot o‘tkazilib, olingan izoh va tavsiyalarni hujjatga kiritish yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ikkinchi kuni sanoat korxonalari, uyushmalar va moliya institutlari bilan muhokamalarga bag‘ishlandi. Davra suhbatida korxona hamda bank vakillari dekarbonizatsiya loyihalarini amalga oshirishdagi to‘siqlar, investitsiya imkoniyatlari va zarur qo‘llab-quvvatlash choralari investitsiya rejasida qanchalik aks ettirilganligi hamda ushbu qismni yanada kuchaytirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Missiyaning so‘nggi kunida dastlabki kunlar davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar tahlil qilinib, ularni investitsiya rejasida aks ettirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, investitsiya rejasini yakunlash va uni CIF jamg‘armasiga o‘z vaqtida taqdim qilish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi









