Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!
2026-09-09 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻquv seminarida Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari hamda tizimdagi tashkilot va muassasalardan (videokonferensaloqa shaklida) besh mingdan ortiq xodimlar ishtirok etdi.
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarga bagʻishlangan videorolik namoyishi bilan boshlangan seminarda uchta asosiy mavzu boʻyicha “Ma’rifat” targʻibotchilar jamiyati a’zolarining ma’ruzalari tinglandi.
“Milliy gʻoya va ma’naviy-falsafiy tafakkur: Uchinchi Renessans negizlari” mavzusida chiqish qilgan Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, falsafa fanlari doktori Jaloliddin Yusubov xalqimizning koʻp ming yillik boy tarixi va ma’naviy merosini chuqur anglash har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanga muhabbat, milliy gʻurur va ertangi kunga boʻlgan ishonchni mustahkamlashini, ammo bu gʻurur bilan birga katta mas’uliyat ham kelishini ta’kidladi. Ma’ruzachi, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosga munosib boʻlish uchun har bir soha, jumladan, iqtisodiy tafakkur va bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirishda ham Uchinchi Renessans gʻoyalariga tayanish zarurligini alohida qayd etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Eshmurod Raximovning “Inson qadri – 35 yillik islohotlarning o‘lchovi” mavzusidagi ma’ruzasida davlatimiz rahbari nutqida belgilangan iqtisodiy vazifalarni tahlil qildi. U o‘z ma’ruzasida davlat byudjeti, investitsiya muhiti hamda ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar zaminida “Inson qadri uchun!” g‘oyasi mujassam ekanini hayotiy misollar va aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar vositasida ochib berdi.
“Milliy yuksalish oʻn yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh gʻoyalari” mavzusi boʻyicha fikr bildirgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boʻlim boshligʻi, sotsiologiya fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent Suxrob Xidirov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yetti milliy dasturning oʻzaro uzviy bogʻliqligi, ularning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati hamda kelgusi oʻn yillikka moʻljallangan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida toʻxtaldi.
O‘quv-seminar yakunida Prezident nutqida belgilangan maqsad va vazifalarni chuqur oʻrganish, ularning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka toʻgʻri va tushunarli yetkazish, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotida har bir fuqaroning faol ishtirokini ta’minlash muhimligi alohida qayd etildi. Tadbir davomida qatnashchilar oʻrtasida savol-javob tartibida fikr almashinuvi tashkil etilib, faol ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.









