Xalqaro institutsional investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-09-04 20:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Finlandiya davlat pensiya jamg‘armasi, “Ilmarinen”, “Elo” va “Veritas” qo‘shma pensiya va sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, “SOKA-BAU” va “Aktia Bank Oyj” vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy va tarkibiy islohotlar, shuningdek, respublikaning joriy makroiqtisodiy holati va rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda investorlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar hamda ichki moliya bozorini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi.
Shuningdek, xorijiy investorlar tomonidan davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga kirish bo‘yicha qiziqish bildirildi hamda ichki moliya bozorining imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yanada yaxshilash, investitsiya darajasiga erishish, davlat qarzini samarali boshqarish, milliy valyutadagi moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy kapital bozorini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
