Pensiya — butun mehnat faoliyatining adolatli natijasi
2026-09-02 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Inson 25 yil, 30 yil yoki 40 yil mehnat qiladi. Shu yillar davomida u turli lavozimlarda ishlaydi, malaka oshiradi, oila boqadi, davlat budjeti va Pensiya jamgʻarmasiga oʻz hissasini qoʻshadi.
Pensiya hisoblashda fuqaroning oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyati davomidagi ketma-ket yuqori 5 yillik ish haqi olinadi. Bu tartib ayrim hollarda fuqaro uchun qulay boʻlishi mumkin. Masalan, inson umrining oxirgi yillarida lavozimi oʻsgan, oyligi oshgan boʻlsa, uning pensiyasi ham yuqoriroq hisoblanadi.
Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor — va u ikkita holatni keltirib chiqaradi.
Birinchisi — ijtimoiy adolat masalasi. Har bir insonning mehnat yoʻli bir xil kechmaydi. Kimdir 30 yil barqaror ishlaydi, lekin pensiyaga chiqishga yaqin yillarda kasal boʻlib qoladi, yengilroq ishga oʻtadi yoki ish haqi kamayadi. Kimdir korxona qisqarishi, oilaviy sharoit, nogiron farzand yoki keksa ota-ona parvarishi sababli oxirgi yillarda toʻliq ishlay olmaydi. Bunday holatda faqat oxirgi 5 yillik ish haqiga qarab pensiya hisoblash insonning uzoq yillik mehnatini toʻliq aks ettirmaydi.
Ikkinchisi — tizimdan sunʼiy foydalanish xavfi. Fuqaro uzoq yillar davomida past oylik koʻrsatib ishlagan yoki toʻliq rasmiy daromadini koʻrsatmagan, ammo pensiyaga chiqishga yaqin 5 yilda ish haqini sunʼiy ravishda oshirgan boʻlishi mumkin. Natijada u yillar davomida kam ijtimoiy soliq toʻlagan boʻlsa-da, pensiyasi yuqori ish haqi asosida hisoblanadi.
Ikkala holat ham bitta savolga olib keladi: kim koʻproq yillar davomida rasmiy ishlagan va koʻproq badal toʻlagan boʻlsa, uning mehnati pensiyada koʻproq aks etishi kerak emasmi?
Xorij tajribasi: Belorussiya, Latviya, Litva, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Ukraina va Estoniyada individual pensiya badallari joriy qilingandan keyingi barcha davrlar ish haqi asosida pensiya hisoblanadi. Avstriya, Belgiya, Chexiya, Finlandiya, Shveysariya, Turkiya, Vengriya, Lyuksemburg va Gretsiyada — butun mehnat faoliyati ish haqlari asosida, Fransiyada eng yaxshi 25 yil, Sloveniyada eng yaxshi 35 yil, Portugaliyada eng yaxshi 40 yillik ish haqidan hisoblanadi.
Demak, muammoning yechimi “5 yillik davrni olib tashlash” yoki “butun davrni hisoblash”dan iborat emas, balki ijtimoiy adolatni mustahkamlashdir: inson obyektiv sabablar tufayli oxirgi yillarda kamroq maosh olgani uning butun umrlik mehnatini yoʻqqa chiqarmasligi, ayni paytda pensiya sunʼiy oshirilgan ish haqi emas, yillar davomida haqiqatan toʻlangan ijtimoiy soliqlar va rasmiy mehnat faoliyati asosida shakllanishi kerak.
Pensiya besh yillik ish haqining emas, butun mehnat faoliyatining adolatli natijasi boʻlishi lozim.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi
