Toshkentda “Silk Road Finance & Technology Forum” bo‘lib o‘tmoqda
2026-08-24 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

24–26-avgust kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Singapur Monetary Authority tomonidan tashkil etilgan Global Finance & Technology Network (GFTN) hamkorligida o‘tkazilmoqda. Forum moliya, innovatsiyalar va davlat siyosati masalalarini bir maydonda muhokama qilish, xalqaro tajribani jalb etish hamda Markaziy Osiyoda moliyaviy texnologiyalar rivoji uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini shakllantirishga qaratilgan.
Tadbirning ochilish sessiyasida O‘zbekistonning moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, xususiy kapitalni jalb etish va yangi moliyaviy instrumentlarni joriy qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Xususan, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim omillaridan biri sifatida qayd etildi. Zamonaviy FinTech yechimlari kapitalni yanada samarali taqsimlash, moliyaviy resurslarning harakatini tezlashtirish va iqtisodiy jarayonlarda samaradorlikni oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu nuqtai nazardan, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish uchun avvalo barqaror va prognoz qilinadigan makroiqtisodiy muhitni shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Jumladan, so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti o‘rtacha 6–7 foiz sur’atlarda o‘sib, YAIM hajmi qariyb uch barobar — 60 milliard dollardan 180 milliard dollargacha oshib borayotganligi, aholi jon boshiga YAIM 1 900 dollardan 4 600 dollargacha yetganligi, inflatsiya esa ikki xonali darajadan bir xonali ko‘rsatkichgacha pasayganligi qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, qqtisodiy barqarorlik O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini ham mustahkamlab borayotganligi, kelgusida investitsiya darajasidagi suveren kredit reytingiga erishish, JSTga a’zolik jarayonini yakunlash, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va bozor tamoyillariga asoslangan islohotlarni davom ettirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanganligi ta’kidlab o‘tildi.
Forum doirasidagi keyingi muhokamalarda O‘zbekistonda zamonaviy, raqobatbardosh va inklyuziv moliyaviy tizimni shakllantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Bunda texnologiyalar orqali moliyaviy xizmatlardan foydalanishdagi mavjud to‘siqlarni kamaytirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, moliyaviy tizimning global iqtisodiyot bilan integratsiyasini kuchaytirish va ishonchni mustahkamlash muhim yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning FinTech ekotizimi uchun mavjud bozor salohiyati ham ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun muhim zamin yaratmoqda. 38 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatda aholining katta qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi esa qariyb 70 foizga yetgan.
Sohani 2030-yilgacha rivojlantirish doirasida 1 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, 5 mingdan ortiq mutaxassis tayyorlash, 200 dan ortiq litsenziyalangan bozor ishtirokchilarini shakllantirish va 100 ta startapni inkubatsiya dasturlaridan chiqarish kabi maqsadlar belgilangan.
Shuningdek, forumning asosiy kun tartibidan Open Banking, raqamli aktivlar va stablecoinlar, transchegaraviy to‘lovlar, islomiy moliya, innovatsiyalar va investitsiyalar kabi strategik yo‘nalishlar o‘rin olgan. Tadbir dasturida sun’iy intellekt, kvant texnologiyalari, kiberbarqarorlik, raqamli aktivlarni tartibga solish va startaplarni rivojlantirishga bag‘ishlangan sessiyalar ham mavjud.
Forum konsepsiyasi “Al-Jabr” g‘oyasi bilan hamohang bo‘lib, u “qismlarni birlashtirish” mazmunini anglatadi. Bu g‘oya Xorazm zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy merosi bilan bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda moliya, texnologiya, kapital va xalqaro hamkorlikni yagona ekotizimda birlashtirishga qaratilgan forum ruhini ifodalaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




