Rossiya G‘aznachiligi bilan auditorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish masalalari muhokama qilindi
2026-08-18 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida auditorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirish, tashqi nazorat mexanizmlarini rivojlantirish va audit sohasida zamonaviy nazorat vositalarini qo‘llashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, Rossiya G‘aznachiligining auditorlik faoliyati ustidan tashqi nazoratni amalga oshirish amaliyoti, uning hududiy organlari faoliyati va mazkur yo‘nalishda shakllangan institutsional mexanizmlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tomonlar, shuningdek, masofaviy monitoringni amalga oshirish mexanizmi hamda auditorlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha Rossiya tajribasini ko‘rib chiqdilar.
Muloqot yakunlariga ko‘ra, auditorlik faoliyatini tartibga solish va tashqi nazorat sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashishni yanada faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: 2023-yil 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, uning huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda Federal g‘aznachilik (Rossiya G‘aznachiligi) o‘rtasida 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi tasdiqlangan. Mazkur dastur auditorlik faoliyati ustidan davlat nazorati va auditorlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tajriba almashishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni qamrab oladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi


