Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-08-07 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish va qo‘shma tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish sohalaridagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining hodimlarini salohiyatini oshirish bo‘yicha "JISPA" dasturi va ushbu dasturning ahamiyati hamda avzalliklari bo‘yicha ma’lumot berildi.
Ushbu dastur Yaponiya Hukumati va XVJ hamkorligida amalga oshiriladigan nufuzli taʼlim dasturi bo‘lib, uning asosiy maqsadi Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlat sektorida faoliyat yuritayotgan istiqbolli mutaxassislarni iqtisodiy siyosat, makroiqtisodiy tahlil, davlat moliyasi va institutsional boshqaruv sohalarida yuqori malakali kadrlar sifatida tayyorlashdan iborat.
Dastur doirasida ishtirokchilarga Yaponiyaning yetakchi universitetlarida iqtisodiyot, makroiqtisodiyot, davlat siyosati va davlat moliyasi yoʻnalishlari bo‘yicha magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkoniyati yaratiladi. Taʼlim jarayoni xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lib, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish, iqtisodiy islohotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni chuqur o‘zlashtirishga qaratilgan.
Dastur "JISPA" nafaqat akademik bilimlarni mustahkamlash, balki ishtirokchilarning xalqaro ekspertlar, olimlar va davlat boshqaruvi sohasidagi mutaxassislar bilan tajriba almashishini ham taʼminlaydi. Bu esa ularning strategik fikrlash, tahliliy yondashuv va samarali davlat boshqaruvi koʻnikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlar vazirlikka qaytib faoliyat yuritish orqali iqtisodiy siyosatni shakllantirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda munosib hissa qoʻshishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida vazirlik hamda XVJ hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarini birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi





