INSON QADRI ULUGʻLANGAN YURT
2026-07-14 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Qadriyatlarimiz – oʻzligimiz
INSON QADRI ULUGʻLANGAN YURT
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida faxriylarni
qoʻllab-quvvatlash yangi bosqichga koʻtarildi
Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlaridan biri — inson qadrini ulugʻlash, ayniqsa, umrini Vatan va xalq xizmatiga bagʻishlagan faxriylarni eʼzozlash hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlar nafaqat hurmat-ehtiromga sazovor insonlar, balki boy hayotiy va kasbiy tajribaga ega ular yosh avlod uchun ibrat maktabi boʻlgan fidoyi mutaxassislar sifatida qadrlanmoqda.
Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, turmush sifatini yaxshilash hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish bugun davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan boʻlib, ishlar aniq davlat dasturlari asosida tizimli amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi PQ–92-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi 816-son qarori keksa avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash boʻyicha muhim vazifalarni belgilab berdi.
Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlik huzurida Faxriylar kengashi tashkil etilgan. Kengash faoliyati vazirlik markaziy apparati, uning tizim tashkilotlari va hududiy boʻlinmalarida yoʻlga qoʻyilib, tasdiqlangan yillik “Yoʻl xaritasi” asosida ish olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida faxriylarning ijtimoiy, huquqiy, moddiy va tibbiy qoʻllab-quvvatlanishi taʼminlanmoqda. Bugungi kunda vazirlik hamda uning tizim tashkilotlarida koʻp yillar ishlab nafaqaga chiqqan faxriylar 3425 nafarni, shundan ayollar 634 nafarini va erkaklar 2791 nafarini tashkil etadi. Shuningdek, sohada uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan va nafaqa yoshiga yetgan xodimlarni nafaqaga kuzatishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, 2026-yilning 1-yarim yilligi davomida 3 nafar xodim anʼanaga muvofiq, guldastalar hamda esdalik sovgʻalari topshirilgan holda, bayram dasturxoni atrofida tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi. Mazkur xodimlarning samarali mehnati, tizim va soha rivojiga qoʻshgan munosib hissasi, koʻplab yoshlarga sohada oʻz oʻrnini topishida yaqin koʻmakdosh boʻlayotgani rahbariyat tomonidan alohida eʼtirof etilib, minnatdorchilik bildirildi. Ularning boy hayotiy va kasbiy tajribasidan yosh kadrlar tarbiyasi hamda tizim faoliyatini takomillashtirishda samarali foydalanish ham yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi tezkor globallashuv va axborot texnologiyalari davrida yosh kadrlarda davlat xizmatiga sadoqat, vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat hamda mamlakatimiz tarixi va taraqqiyot yoʻlini chuqur anglash tuygʻularini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda, vazirlik Faxriylar kengashi Kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda “Uch avlod uchrashuvi” turkumidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam tashkil etib kelmoqda. Bu avlodlar oʻrtasida tajriba almashinuvini taʼminlash, kasbiy anʼanalarni davom ettirish va yosh mutaxassislarning maʼnaviy hamda kasbiy kamolotini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar natijasida yosh xodimlarda davlat moliyasi tizimi tarixi va islohotlariga nisbatan chuqur anglash shakllanmoqda, “Ustoz–shogird” anʼanasi asosida yangi ishga qabul qilingan xodimlarga tajribali faxriylar biriktirilib, ularning kasbiy moslashuvi hamda davlat xizmatiga sadoqat, masʼuliyat va halollik tamoyillari mustahkamlanmoqda.
Faxriylarning salomatligini muhofaza qilish vazirlik ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, yolgʻiz yashovchi va ijtimoiy koʻmakka muhtoj pensionerlar doimiy eʼtibor markazida boʻlib, ularga zarur amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, vazirlik jamoasi va faxriylari ishtirokida sport festivali hamda ma’naviy uchrashuv o‘tkazildi. “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonida vazirlik markaziy apparati xodimlari o‘rtasida “Sport – sog‘liq garovi” shiori ostida sport festivali tashkil etildi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jamoaviy ruhni mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbirda xodimlar futbol, stol tennisi, yugurish estafetasi, arqon tortish va o‘q otish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Tadbirga vazirlik tizimida ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgan boy tajribaga ega faxriy ustozlar ham taklif etildi. Faxriylar yoshlar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar. Bu tadbirlar keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish, ruhiy tetikligini saqlashga xizmat qilmoqda.
Vazirlik tizimida har bir faxriyga alohida eʼtibor qaratish yaxshi anʼanaga aylangan. Ular tugʻilgan kunlari, yubileylari hamda umumxalq bayramlari munosabati bilan vazirlik rahbariyati, Faxriylar kengashi va yosh xodimlar tomonidan yoʻqlanmoqda. Tashriflar davomida ustozlarga samimiy ehtirom va minnatdorlik izhor qilinib, esdalik sovgʻalari, zarur maishiy texnika vositalari hamda moddiy ragʻbatlantirish mablagʻlari topshirilmoqda. Bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrlik faxriylarning jamiyatdagi munosib oʻrnini mustahkamlash, ularning hayotiy tajribasini qadrlash va kelajak avlod uchun ibrat maktabini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Taxir IMAMOV,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi,
Faxriylar kengashi raisi.





