Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-07-09 21:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda Fransiyaning qator yetakchi kompaniyalari, jumladan, Orano, IKA Technology, Blue Water Intelligence (BWI), Groupe SNEF, Vinci Construction Grands Projets kompaniyalari vakillari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Fransiya kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish, yangi investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, shuningdek, hamkorlikda innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, tog‘-kon, suv resurslarini boshqarish sohalarida yangi loyihalarni shakllantirish, jumladan, sohalarga zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalarini jalb qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, ikki mamlakat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqot savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sheriklikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi




